Bo'limlar

Trillionlab investitsiyalar qayerga ketyapti? 

Intervyu

O‘zbekistonga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi yildan yilga oshmoqda. Masalan, Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning birinchi choragining o‘zida mamlakatning asosiy kapitaliga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 42 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning yanvar-mart oylarida esa 50 trln so‘mdan oshiq. 2023 yilda esa bu raqam yanada yuqoriladi. Uch oy ichida O‘zbekistonning asosiy kapitaliga 56,6 trln so‘m o‘zlashtirilgan. Ammo odamlar uchun bu raqamlar muhim emas. Ularni ko‘proq O‘zbekistonga kiritilayotgan investitsiyalar, olinayotgan qarzlar nimaga sarflanayotgani, nega bunday katta raqamli mablag‘lar xalq hayotiga ijobiy ta’sir qilmayotgani qiziq. Ularni qiziqtirgan savolga esa QALAMPIR.UZ 16-18 may kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yevropada tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi davomida taniqli iqtisodchi, Strategik islohotlar agentligi bosh direktori Abdulla Abduqodirovdan javob oldi.

“Siz keltirgan raqamlardagi investitsiyaning asosiy qismi mavjud infrastrukturani o‘z holida saqlab turishga qaratilgan bo‘ladi. Shuning uchun aholi buni sezmaydi. Agar mamlakatda birdaniga gaz, chiroq yoki suv bo‘lmay qolsa, hamma muammo borligini biladi. Lekin gaz, suv, chiroq bo‘lib tursa, buni sezish qiyin bo‘ladi. Vaziyatni shu ahvolda bo‘lsa ham ushlab turish uchun kattaroq investitsiya kerak. Aholi soni ko‘paygani, davlat iqtisodiyoti masshtabi kengaygani sari ko‘proq investitsiya kerak bo‘ladi. Infrastrukturaga kiritilayotgan mablag‘lar esa asosan davlat hisobidan, chunki xorijiy banklar yoki tadbirkorlar uchun O‘zbekistonning qaysidir viloyatini suv bilan ta’minlash, yo‘l qurish muhim bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun hozirgi sharoitda davlat investitsiyalarning asosiy yukini o‘z bo‘yniga olishga majbur. Ha, bu xalqning ko‘ziga yaqqol ko‘rinmayotgan bo‘lsa ham, lekin chuqurroq nazar solinsa, bu investitsiyalar bor aslida”, deydi Abduqodirov.

Uning aytishicha, ayni paytda davlatning oldidagi asosiy vazifa energetik mustaqillikka erishish va buni ushlab turish. Shuning uchun mamlakat bo‘ylab quyosh  va shamol energetikasiga ko‘plab investitsiyalar kiritilmoqda. Lekin haligacha O‘zbekistonning energetika tizimida quyosh va shamol elektrostansiyalarining ulushi kam bo‘lib, umumiy elektr energiyasining 10 foizini tashkil qiladi. Asosiy energiya tabiiy gaz ulushiga to‘g‘ri kelib, bu esa qish mavsumida og‘ir muammolarni keltirib chiqarmoqda. 

YeTTB ham aynan shu sohaga ko‘p mablag‘ ajratmoqda. Samarqadda bo‘lib o‘tgan 32-yillik yig‘ilishda ham bir qator yirik shartnomalar imzolandi. Masalan shamol elektrostansiyasini qurish uchun Nukusda 19 million dollar, energetika sohasi uchun umumiy 3,6 trln ajratildi. Bu esa yuqorida sanab o‘tilgan investitsiyaga bog‘liq raqamlar hajmini yanada oshiradi. Ammo bu raqamlar nega xalq hayotida katta o‘zgarishlarni hosil qilmayotgani ajablanarli. Odamlar 30 yilki qish kelishi bilan uyida, maktabda va ishxonasida sovuqqotadi. Nima uchun?

“Energetika sohasida mo‘jiza ro‘y berib, birdaniga hamma muammolar hal bo‘ladi, deb o‘ylasak, qattiq xato qilgan bo‘lamiz. Chunki bu muammolar yillar davomida yig‘ilib kelgan, ayniqsa, gazni qazib olish sohasida. E’tibor berishimiz kerakki, bugungi kunda bizda energetikaning 90 % gazni yoqish orqali olinadi. Menimcha, O‘zbekistondagi aholi punktlariga ham elektr energiyasi, ham gaz yetkazib berish bu juda katta muammo. Shuning uchun biz bitta yo‘nalishni tanlashimiz kerak. Agar bu elektr energiyasi bo‘lsa, uni tashish ham, yetkazib berish ham oson bo‘lar edi. Odamlar elektr energiyasi bilan uyini yoritishi, isitishi, ovqat pishirishi, televizor ko‘rishi mumkin. Chunki buni tashish, yetkazib berish osonroq. Demak, biz chekka qishloqlarga ham elektr etkazib berish dasturiga o‘tishimiz kerak. Bu 5 yil yoki 10 yil vaqtni olsa ham”, deya o‘z mulohazalari bilan bo‘lishdi iqtisodchi.

Shunga qaramay, u gazni qazib olish masshtablarini ham kengaytirishda davom etish kerak, degan fikrda. Buning uchun esa davlat geologiya-qidiruv ishlariga yirik miqdordagi mablag‘larni ajratishda davom etishi lozim.

“Bugungi kunda Ustyurtda 6000 metrdan oshiq joylarda geologiya-qidiruv ishlari amalga oshirilyapti. Umid qilamizki, u yerda katta konlar topiladi. Lekin bu bir yoki ikki yilda hal bo‘lib qoladigan ish emas. Sababi bitta 6000 metrga tushishning o‘zi uchun besh oygacha vaqt ketadi. Avvalo qayerni qazishni bilish kerak”, deydi Strategik islohotlar agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari.

YeTTBning O‘zbekistondagi asosiy maqsadlaridan biri bu iqtisodiyotda davlatning ulushini kamaytirish, bozorda erkin raqobatni qo‘llab-quvvatlash. Ammo O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi korxonalar haligacha ko‘p. YeTTB davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston oldiga aniq talablar qo‘yganmi? 
Shu va boshqa savollarga berilgan javoblar bilan batafsil QALAMPIR.UZ’ning Youtube sahifasidagi video-intervyu orqali tanishishingiz mumkin.
 


Maqola muallifi

Teglar

elektr energiya investitsiya ETTB Abdulla Abduqodirov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

KatStat.ru - Топ рейтинг сайтов