Bo'limlar

Mirziyoyev YeOII bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini aytdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 8 may kuni Moskvada Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida qatnashdi va nutq so‘zladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mirziyoyev so‘zining avvalida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga kirishgani munosabati bilan Vladimir Putin nomiga yo‘llangan qutlovlar va ezgu tilaklarga qo‘shilishini bildirdi. 

"Saylovchilar yuqori faollik bilan ishtirok etgan mazkur saylovlarda erishgan ishonchli g‘alabangiz ko‘pmillatli Rossiya xalqining Sizga bo‘lgan yuksak ishonchini, Siz olib borayotgan siyosat va mamlakatni modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli dasturlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi. Sizga kelgusida yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilayman", deydi Mirziyoyev.

U majlisda ishtirok etgan barcha yetakchilarni muhim sana – fashizm ustidan qozonilgan Buyuk G‘alabaning 79 yilligi hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkil etilganining o‘n yilligi bilan qutladi.

"Bugun tongda Moskvaga uchishdan oldin men Ikkinchi jahon urushida qatnashgan faxriylarimiz bilan uchrashdim. Ming afsuski, ularning soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Ular sizlar orqali urush va front ortida mehnat qilgan barcha faxriylarga samimiy tabriklarini, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq so‘rab, bildirgan tilaklarini yetkazishni iltimos qilishdi. Sizlarga ulkan mamnuniyat bilan faxriylarimizning iltimosini yetkazaman", deydi O‘zbekiston Prezidenti.

Mirziyoyevning fikricha, hozirgi sharoitda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda o‘zaro investitsiyalarning o‘sishi uchun sharoit yaratish birinchi darajadagi vazifa bo‘lishi kerak.

"O‘tgan oyda Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tgan an’anaviy “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasi bunday hamkorlikka yorqin misoldir. Ko‘rgazmada mamlakatlarimizning ikki mingdan ortiq yetakchi korxonalari qatnashdi, yangi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha yuzlab kelishuvlarga erishildi.

Bugungi kunda ushbu xalqaro forum O‘zbekistonning Rossiya va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo boshqa davlatlar bilan biznes sohasidagi muloqotlarini rivojlantirishda samarali platformaga aylandi. Biz ushbu muloqot maydonini yanada kengaytirish, ishtirokchilar sonini oshirish, jumladan, Kuba, Eron, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Mo‘g‘uliston, Vetnam va Indoneziya kabi hamkor mamlakatlar kompaniyalarini bu jarayonga jalb etish niyatidamiz", degan Prezident.

Bildirilishicha, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomidagi uch yillik hamkorligi davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 60 foizga oshgan. Bunga, avvalambor, sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni ko‘paytirish hisobidan erishilgan. Ayni vaqtda milliy valyutalardagi hisob-kitoblar ulushi ortib bormoqda.

Mirziyoyev O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorligining ustuvor yo‘nalishlariga haqida gapirgan.

"Birinchidan, O‘zbekiston YeOIIni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari doirasida amaliy sheriklikni kengaytirish va tarmoqlarda ko‘p tomonlama hamkorlik loyihalarini amalga oshirishda yanada faol ishtirok etishdan manfaatdor.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida o‘rta muddatdagi istiqbolga mo‘ljallangan Qo‘shma tadbirlarning yangi kompleks rejasini tayyorlashni taklif etamiz.

Ishonchim komilki, kuzatuvchi davlatlarning loyihalarda to‘laqonli ishtirok etishini tartibga soladigan mexanizmning tezroq qabul qilinishi ushbu hujjatni samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlar bilan o‘zaro savdo-sotiqdagi to‘siq va cheklovlarni birgalikda bartaraf etishga tayyor ekanimizni tasdiqlaymiz.

2009 yilda qabul qilingan Tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlash qoidalariga O‘zbekistonning qo‘shilish jarayoni boshlandi.

Bojxona chegaralarimiz orqali olib o‘tiladigan tovar va transport vositalari haqidagi ma’lumotlarning elektron almashinuvini yo‘lga qo‘yish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazorati borasidagi axborot tizimlarini integratsiya qilish, texnik jihatdan tartibga solish choralarini o‘zaro moslashtirish va elektron sertifikatlashni qo‘llash rejasini qabul qilish ushbu yo‘nalishdagi aniq amaliy qadamlar bo‘lishi mumkin.

Uchinchidan, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlari bilan bog‘lovchi “Shimol – Janub" transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirish muhimdir.

Shu borada transport idoralari rahbarlarining Termiz shahrida aprel oyida bo‘lib o‘tgan Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston multimodal marshrutini rivojlantirish bo‘yicha birinchi uchrashuvi samarali bo‘lganini mamnuniyat bilan ta’kidlaymiz.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida tranzitga doir tartib-taomillarni soddalashtirish maqsadida joriy etilayotgan YeOII bojxona tranzitining yagona tizimi bilan Raqamli hamkorlik bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish tarafdorimiz.

To‘rtinchidan, sanoat kooperatsiyasi sohasidagi loyihalar va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini kelgusida ham faol qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz.

Bu yo‘nalishda, mamlakatlarimiz hududlarida birgalikda yaratilayotgan sanoat zonalari va texnoparklarda yangi quvvatlarni joylashtirishni nazarda tutgan holda, alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif qilaman. Bunday loyihalarga biznesni keng jalb etish masalalarini joriy yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi va YeOII Ishbilarmonlik kengashining birinchi uchrashuvida ko‘rib chiqish mumkin.

Bundan tashqari, Birlashma doirasida sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus mexanizm imkoniyatlaridan foydalanishdan ham manfaatdormiz.

Beshinchidan, quyidagi muhim yo‘nalishlarda ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi organlari bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

- Yevroosiyo Agroekspressini rivojlantirish, “yashil” va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma agrosanoat klasterlari va logistika markazlarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash;

- Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalarida umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va yaqin hamkorlik qilish. Bunda tegishli Ishchi guruhining navbatdagi majlislaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etamiz;

- Mamlakatlarimizda mehnat migrantlari faoliyati uchun raqamli platformalarga ulangan holda, qulay sharoit va ijtimoiy kafolatlarni shakllantirish;

- Sayyohlar almashinuvini keskin oshirishga qaratilgan qo‘shma turistik dastur va mahsulotlarni ishlab chiqish.

Ushbu yo‘nalishlarning barchasi hamkorlikning o‘rta muddatdagi istiqbolga mo‘ljallangan yangi Rejasida o‘z aksini topishi mumkin, deb hisoblayman", deydi O‘zbekiston yetakchisi

U so‘zining yakunida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga do‘stona va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirgan. Mirziyoyev ushbu uchrashuv natijalari o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklikni mustahkamlash yo‘lida yana bir amaliy qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston EOII

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made

KatStat.ru - Топ рейтинг сайтов