Bo'limlar

Erdo‘g‘an yana 5 yilga qasam ichdi

Tahlil

Bugun, 3 iyun kuni Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an Beshtapadagi prezidentlik majmuasida Prezidentlikka kirishish marosimini o‘tkazdi. Unda 78 davlatdan kelgan rasmiy shaxslar, xususan, 21 Prezident va 13 Bosh vazir, shuningdek, 8 ta tashkilotdan vakillar qatnashdi.

Tadbir soat 17:00 (Toshkent vaqti bilan 19:00)da boshlandi. Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk maqbarasini ziyorat qilgan Erdo‘g‘an otliqlar qurshovida Anqaraning Beshtepa tumanidagidagi prezident saroyiga bordi. 

U yerda Turkiya rahbarining “Prezidentlikka kirishish” marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir bo‘ladigan zalda rasmiylar to‘plangan edi. 

Erdo‘g‘an doimgidek klassik uslubda va pushti bo‘yinbog‘, rafiqasi Emina Erdo‘g‘an esa oq va qora ranglardagi libos bilan ko‘rinish berdi. Emina Erdo‘g‘anning chap ko‘ksiga esa Turkiya bayrog‘i ramzlari – oy va yulduz tushirilgandi. 

Erdo‘g‘an oliy darajadagi ko‘plab mehmonlar bilan qo‘l berib, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan esa quchoqlashib ko‘rishdi. Yana shuni ham alohida aytish o‘rinliki Mirziyoyev va Aliyev Erdo‘g‘anga boshqa Turkiy davlatlar rahbarlari – Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Turkmaniston rahbari Serdar Berdimuhamedovdan ancha yaqin o‘tirdi. Erdo‘g‘anning o‘ng tarafidan rafiqasi Emina xonim, undan keyin esa Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva va Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev o‘rin olgan bo‘lsa, Erdo‘g‘anning chap yonida Shavkat Mirziyoyev o‘tirdi. Mirziyoyevning yonidan esa Erdo‘g‘anning qadrdoni, mamlakatning eng muhim arboblaridan biri Davlat Bog‘chali joy oldi. 

Tadbirda Mirziyoyev va Aliyevga alohida e’tibor qaratilganini ularga ajratilgan o‘rindan ham sezish mumkin. 

Marosimda, shuningdek, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro, Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Gabon Prezidenti Ali Bongo Ondimba, Gvineya-Bisau Prezidenti Umaro Sisoku Embalo, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Kiril Ramafosa, Chernogoriya Prezidenti Yakov Milatovich, Kongo Prezident Deni Sassu Ngesso, Kosovo Prezidenti Vosa Osmoni, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti Ersin Tatar, Shimoliy Makedoniya Prezidenti Stevo Pendarovski, Ruanda Prezidenti Pol Kagame, Senegal Prezidenti Maki Sall, Somali Prezidenti Hasan Shayx Mahmud, Togo Prezidenti For Essozimna Gnassingbe, Bangladesh Prezidenti Mohammad Shahabuddin Chuppu, Gvineya Prezidenti Mamadi Dumbuya ishtirok etdi. 

Qolaversa, faxriy mehmonlar ro‘yxatida 13 nafar Bosh vazir, jumladan, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Liviya Bosh vaziri Abdulhamid Dibeybe ham bor. Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Qubanichbek Omuraliyev, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg va Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Taha ham Erdo‘g‘anni qutlovchilar safidan o‘rin oldi. 

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan shundoqqina Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ortidagi o‘rindiqni egalladi. Shavkat Mirziyoyevning ortidagi o‘rindiqda esa Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Prezidenti xavfsizlik xizmati rahbari birinchi o‘rinbosari Otabek Umarovni ko‘rish mumkin. 

Marosim boshlanishidan avval Shavkat Mirziyoyev Davlat Bog‘chali bilan uzoq suhbatlashib o‘tirdi, albatta, tarjimon yordamida. 

Rajab Toyib Erdo‘g‘an Prezidentlardan Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev bilan o‘ta iliq salom-alik qildi, quchoqlashib ko‘rishdi. 

Tadbirda so‘z olgan Erdo‘g‘an yo‘l bosib kelgan barcha Prezidentlarga minnatdorlik bildirar ekan, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nomini alohida tilga oldi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston Prezidentlarining ismini unutdi chog‘i, ularga davlati nomi bilan murojaat qildi, xolos. Marosim bo‘yi chehrasi ochilmagan To‘qayevning afzoyi yanada buzildi. 

Shu chog‘da esa Erdo‘g‘an hammani ismi bilan aytishni xohlashini, biroq bunga vaqti yetmasligini bildirib, yig‘ilgan ayrim davlat rahbarlarining afzoyini yanada buzdi.

Oradan biroz vaqt o‘tgach Erdo‘g‘anning yoniga yordamchilari kelib, qog‘oz uzatdi va Prezident unutilgan ismlarga murojaat qildi va Millatchchi harakat partiyasi raisi Davlat Bohchali va birinchi tur saylovda raqib bo‘lib, ikkinchi turda o‘z saylovchilarini Erdo‘g‘anga ovoz berishga yo‘naltirgan Sinan O‘g‘anga minnatdorlik bildirdi. 

Tadbir so‘ngida muqaddas Qur’oni Karim oyatlari o‘qildi, duoga qo‘l ochildi. Shundan so‘ng Erdo‘g‘an boshchiligida barcha davlatlar va hukumatlar rahbarlari Chanqaya saroyiga yo‘l oldi. U yerda mehmonlar sharafiga kechki ovqat dasturxoni yozildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Rajab Toyib Erdo'g'an Aliev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

KatStat.ru - Топ рейтинг сайтов